2016-yilda guruh faoliyatida tanaffus eʼlon qilganidan soʻng Niall Capitol Records bilan shartnoma imzoladi va Flicker (2017), HeartbreakWeather (2020) va TheShow (2023) nomlari ostida uchta albom chiqardi. Fliker albomi Irlandiya va AQSh chartlarida birinchi, Avstraliya va Buyuk Britaniyada esa uchinchi oʻrinni egalladi. Heartbreak Weather albomi 2020-yil mart oyida chiqarilgan va Buyuk Britaniya, Irlandiya, Meksika chartlarida birinchi va AQShnikida esa toʻrtinchi oʻrinni zabt etgan[3].
Horanning uchinchi studiya albomi The Show 2023-yil iyun oyida chiqarilgan[4][5].
Niall Horan 1993-yil 13-sentyabr kuni Westmeathdagi Mullingar shaharchasida tugʻilgan[6]. Uning katta akasi Greg 1987-yilda tugʻilgan[7]. Ota-onasi Bobby Horan va Maura Gallagher Naill besh yoshligida ajrashishadi, shu sabab u va akasi bir yil davomida onasi bilan birga yashaydilar[8]. Bir yildan soʻng esa ular otasining oldiga koʻchib oʻtishga qaror qilishadi[9]. U bolaligida astma kasalligiga chalinadi[10].
Horanning akasiga 15 yoshga toʻlganida gitara sovgʻa qilishadi, biroq uni faqatgina bir marotaba ishlatadi[11]. Horan 11 yoshga toʻlganida YouTube orqali gitara chalishni oʻrganadi[12].
2010-yil oʻn olti yoshida Horan The X Factor shousining yettinchi mavsumida ishtirok etadi va u yerda „So Sick“ qoʻshigʻini kuylaydi[13]. Hakamlar uning ishiga turlicha baho beradi. Louis Walshga uning ijrosi yoqqan boʻlsa, Cherly Cole va mehmon hakam Katy Perry u hali oʻz ustida ishlashi kerak deb baholaydi. Simon Cowell, Perry va Walsh „Ha“ tugmasini bosgan boʻlsa faqatgina Cole „Yoʻq“ deb ovoz beradi. Bu orqali u keyingi bosqichga yoʻl oladi. Keyingi bosqichda u „Champagne Supernova“ni kuylaydi ammo bu ijro muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Mehmon hakam Nicole Scherzinger taklifi bilan u toʻrtta yigitdan iborat guruhga borib qoʻshiladi. Horan Harry Styles, Liam Payne, Luis Tomlinson va Zayn Malik bilan birgalikda One Direction guruhini tashkil etishadi. Ushbu nomni Harry Styles taklif qiladi. Cowell ularga ustozlik qiladi va guruh toʻrt hafta davomida birgalikda tayyorgarlik koʻrishadi. Yakunda ular The X Factor shousini uchinchi oʻrin bilan yakunlashadi.
The X Factordagi muvaffaqiyatidan soʻng Cowell tavsiyasiga koʻra One Direction Syco records bilan 2 million funtlik shartnoma imzolaydi. Ular darhol debyut albomi ustida ishlashni boshlashadi. Keyinchalik fevral oyida The X Factor Live Touri tashkillashtiriladi. Ushbu turda jami hisobda 500,000 dan ortiq muxlis ishtirok etgan. Tur 2011-yil aprel oyida nihoyasiga yetgach ular albom ustida ishlashni davom ettirishgan. Albom yozish ishlari Stokgolm, London va Los-Anjeles shaharlarida boʻlib guruh Carl Falk, Savan Kotecha, Steve Mac va Rami Yacoub kabi prodyuserlar bilan hamkorlik qilishadi[14][15][16][17]. Keyingi singllar „Gotta Be You“ va „One Thing“ muvaffaqiyatga erishdi, Buyuk Britaniyada eng yaxshi hitlar qatoriga kiritildi[18][19]. Xuddi shu yil noyabrda ularning debyut albomi Up All Night Buyuk Britaniya va Irlandiya boʻylab taqdim etiladi. 2012-yilda esa albom jahonning boshqa davlatlarida ham chiqariladi[20]. Albom chiqarilishi bilan guruh Up All Night Tourni boshlashadi. Aslida, tur faqat Buyuk Britaniya va Irlandiyada oʻtkazilishi rejalashtirilgan edi, ammo talab yuqoriligi tufayli Avstraliya va Shimoliy Amerikada ham davom etadi[21]. 2012-yil sentyabr oyida guruh ikkinchi albomining dastlabki singli „Live While Weʼre Young“ni eʼlon qiladi[22][23]. Albom shu yilning noyabr oyida Take Me Home nomi ostida chiqarilgan[24]. U 35 dan ortiq mamlakat chartlarida birinchi oʻrinni egalladi va Billboard 200da birinchi oʻrinni egallagan holda bir kalendar yilida ikkita albomi birinchi oʻrinni egallagan dastlabki guruh boʻladi[25][26][27][28][29].
Guruhning uchinchi studiya albomi Midnight Memories 2013-yil 25-noyabrda eʼlon qilingan. Albom 2013-yilda dunyo boʻylab 4 million nusxa sotilgan holda yil davomida eng koʻp sotilgan albom boʻldi[30][31]. 2014-yil noyabr oyida One Direction toʻrtinchi albomi Four chiqarilgan. Albom 18 mamlakat chartida birinchi oʻrinni egalladi va One DirectionBillboard 200 albomlar chartida 58 yillik tarixida dastlabki toʻrtta albomi birinchi oʻrinda deb topilgan ilk guruhga aylandi[32][33]. 2015-yil fevral oyida guruh Avstraliya, Osiyo, Afrika, Yevropa va Shimoliy Amerika boʻylab On The Road Again Tourini tashkillashtirishadi. 2015-yil noyabr oyida ularning beshinchi albomi Made in the A.M. chiqarligan[34][35].
Guruh 2016-yilning boshida faoliyatida tanffus eʼlon qiladi. Soʻng shu yilning 29-sentyabrida Horan Capitol Records kompaniyasi bilan hamkorlikda „This Town“ deb nomlangan debyut singlini chiqargan[36]. U UK Singles Chartda toʻqqizinchi[37] va AQSh Billboard Hot 100da yigirmanchi oʻrinlarni egalladi[38].
2017-yil 4-may kuni esa uning navbatdagi singli „Slow Hands“ eʼlon qilinadi[39]. Horanning debyut albomi 2017-yil 20-oktyabrida Flicker nomi ostida chiqariladi[40]. Albom Billboard 200 chartida birinchi oʻrini egallaydi. Shuningdek Irlandiya va Niderlandiya chartlarida ham eng yuqori oʻrinni zabt etgan[41][42].
Uning ikkinchi albomidagi dastlabki singl „Nice to Meet Ya“ 2019-yil 4-oktyabr kuni chiqarildi[43]. 2019-yilning 6-dekabr sanasida chiqarilgan „Put a Little Love on Me“ albumning ikkinchi singliboʻldi[44]. 30-oktabr kuni Horan 2020-yilning boshlarida oʻzining Nice to Meet Ya Tourini boshlashini eʼlon qildi[45]. Biroq, COVID-19 pandemiyasi tufayli tur keyinchalik bekor qilinadi[46]. Albomning oʻzi esa 2020-yil 13-mart kuni chiqarilgan va AQSh Billboard 200 chartida toʻrtinchi va UK Albums Chartda esa birinchi oʻrinni egallagan[47][48].
„Heaven“ qoʻshigʻi 2023-yil 17-fevral kuni uchinchi albomi The Showning dastlabki singli sifatida chiqarildi[49]. Singl bir haftada Irish singles chartda toʻrtinchi oʻrinni egalladi[50]. 2023-yilning 17-mart sanasida chiaqrilgan „Meltdown“ albomning ikkinchi singli boʻldi[51]. Albom chiqarliganidan soʻng sakkiz mamlakat chartida birinchi oʻrinni egalladi, jumladan Uk albums chart va Irish albums chartlarda. AQSh chartlarida esa albom ikkinchi oʻrinni egalladi[52][53].
Horan futbol va golf sport turining ashaddiy muhlisi hisoblanadi[54]. U ingliz jamoasi Derby County klubini qoʻllab quvvatlaydi[55].
Horan 2017-2018-yillarda amerikalik aktrisa va qoʻshiqchi Hailee Steinfeld bilan ishqiy munosabatlarda boʻladi[56]. 2020-yilda Amelia Woolley bilan uchrashishni boshlagan[57].