Niyoziy portreti. Xiva.

Niyoziy (taxallusi; ismi Otaniyoz Xoʻjaniyoz oʻgʻli, 1844 — Shovot tumani — 1928) — shoir, bastakor. K. Otaniyozovning otasi. Xivadagi Arabxon madrasasida oʻqigan. Arab, fors tillarini oʻrgangan, aruz ilmini puxta egallagan. Xivadagi Abdullaxon madrasasida mudarrislik qilgan (1920). Mumtoz sheʼriyatning turli janrlarida ijod qilgan. Sheʼrlaridan 3063 baytli devon tuzgan. Ularda xalq hayotining turli tomonlari aks etgan. N. Xorazm maqomlari uchun chiziqli nota tizimini yaratishda Komil Xorazmiyta yaqindan yordam bergan. Oʻzi ham bir qancha kuylar yaratgan. Hasan Jabarutiyning "Ajoyib ul-osor" ("Ajoyib yodgorliklar") asarining 7—9-daftarlarini arab tilidan forschaga tarjima qilgan (1907). N.ning adabiy merosidan namunalar turli majmua va bayozlarga kirgan, ular Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (inv. №120, 121, 192).[1]

Manbalar

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu maqolada boshqa til boʻlimlariga ishorat yoʻq.
Siz ularni topib va ushbu maqolaga qoʻshib, loyihaga yordam berishingiz mumkin.