Abu Sulaymon Banokatiy
Tavalludi XIII asr
Vafoti 1329-yil

Abu Sulaymon Banokatiy – alloma va faylasuf. XIV asrda Shoshda yashagantarixnavis olimlardan biri. Uning toʻliq ismi Abu Sulaymon Faxruddin Ali Abulfazl Dovud Muhammad al-Banokatiy. U XIII asr oxirida Banokat shahrida tavallud topgan. Keyinchalik Banokat shahrini Shohruxiya deb ham atalgan. „Haft iqlim“ asarida yozilishicha, shaharning boshqa bir nomi Shosh yoki Choch deb atalgan.

Banokatiy G‘ozonxon davrida (1301—1302) saroy shoiri boʻlgan. U „Malik ush-shuaro“ yaʼni shoirlar peshvosi shohi nomini olgan.

Toshkentda saqlanayotgan XVI asrda koʻchirilgan Banokatiy asarining yettinchi qismida Mavlono Tojuddin Banokatiyning katta oʻgʻli Nizomuddin Alining nomi keltirilgan. Maʼlum boʻladiki, Faxruddin Alining Nizomuddin Ali degan akasi boʻlgan. U ham oʻz davrining olimlaridan boʻlgan. Abu Sulaymon Banokatiy tarixnafis olim sifatida oʻzining umumiy tarixga oid „Ravzat uli-l-albob fi-at-tavorix va al-ansob“ („Ulugʻ kishilarning tarixi va nasablari haqida oqillar bogʻi“) asarini yozadi. Uni qisqacha qilib „Tarixi Banokatiy“ deb ataganlar. Bu asar, Rashidaddinning umumiy tarixga oid mashhur „Jomi at-tavorix“ nomli tarixiy asarining qisqartirilgan nusxasi boʻlib, 1317 yili yozib tugatilgan[1]. V. V. Bartold fikriga qaraganda, faqat 1310-yildan keyingi voqealar Banokatiy tarafidan mustaqil ravishda yozilgan. Asar toʻqqiz qismdan iborat boʻlib, unda Hindiston, Armaniston, Eron, Rum, Xitoy, yahudiylar, arab xalifaligi, mo‘g‘ul tarixi haqida yozilgan. Bu asardan ikki qoʻlyozma nusxa hozirda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qoʻlyozma asarlar xazinasida saqlanmoqda. Ulardan biri XVI asrda, ikkinchisi esa 1829-yili koʻchirilgan. Bu asardan bir nusxa Toshkent Davlat Universiteti kutubxonasida, bir nusxa Sankt-Peterburg Davlat Universiteti kutubxonasida, bir nusxa Tojikiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining qoʻlyozma asarlar xazinasida va bir necha qoʻlyozma nusxasi xorijiy mamlakatlardagi qoʻlyozma xazinalarda (Parij, Oksford, Vena, London, Berlin, Tehron) saqlanmoqda. Bu asarning sakkizinchi qismi matnini 1677-yili Andreas Myuller lotincha tarjimasi bilan nashr qilgan edi. Uning ingliz tiliga Elliot tarafidan qilingan tarjimasi ham 1820-yil Londonda nashr etilgan. Abu Sulaymon Banokatiy 1329-yili vafot etgan[2].


Manbalar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. Muhammadkarimov A. Toshkent allomalari va tarixiy shaxslari (ikkinchi kitob). Toshkent: Toshkentnoma, 2009 — 55-bet. 
  2. Uvatov U. Buyuk yurt allomalari. Toshkent: Oʻzbekiston nashriyoti, 2018 — 424-bet.