Aleksandr Borovkov | |
---|---|
Tavalludi |
16-mart 1904-yil Toshkent |
Vafoti |
15-noyabr 1962-yil (58 yoshda) Sankt-Peterburg, RSFSR |
Fuqaroligi | SSSR |
Sohasi | Sharqshunos, turkiyshunos |
Ish joylari | SSSR FA Sharqshunoslik instituti, SSSR FA Tilshunoslik instituti |
Taʼlimi | Oʻrta Osiyo davlat universiteti |
Mukofotlari |
Aleksandr Konstantinovich Borovkov (1904. 3(16). 3, Toshkent, 1962, 15.11, Leningrad) – turkiyshunos olim.
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi muxbir aʼzosi (1943). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1945), professor (1935). Oʻrta Osiyo davlat universitetining sharqshunoslik fakultetini tamomlagan (1928). Moskvadagi Sharqshunoslik institutida katta ilmiy xodim, boʻlim mudiri, direktor oʻrinbosari (1934—1938, 1945—1960), Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida direktor oʻrinbosari, ayni vaqtda Toshkent davlat pedagogika institutida oʻzbek tili kafedrasi mudiri (1938—1945), Moskvadagi Tilshunoslik instituti Leningrad boʻlimining direktori (1961-yildan).
Borovkov Kirill grafikasi asosida oʻzbek alifbosi imlosini ishlab chiqishda qatnashgan, turkiy xalqlarning etnografiyasi, folklori va tiliga oid ilmiy tadqiqotlar olib borgan. Oʻzbek tili shevalarini urgangan. Borovkov eski oʻzbek yodgorliklarining leksikgrammatik va til xususiyatlarini tadqiq etib, „Sharq tillari tarixi va grammatikasi masalalari“ (1958), „Oʻzbek tilining grammatikasi qisqacha ocherklari“ (1959), Ahmad Yassaviy „Hikmatlar“ ining tili va Alisher Navoiy asarlarining til xususiyatlariga oid ilmiy asarlar yaratgan. „Badoye ullugʻat“ (1961), „12— 13asr Oʻrta Osiyo tafsirining leksikasi“ (1963)ni nashr ettirish bilan Borovkov eski oʻzbek tilining mukammal lugʻatini tuzishga asos soldi. Besh jildli „Ruscha-oʻzbekcha lugʻat“ (1950—55) va bir jildli „Oʻzbekcha-ruscha lugʻat“ (1959) ni tuzishda ishtirok etgan. Borovkov turkiy xalqlarning „Alpomish“, „Manas“, „Qoʻblon“, „Qoʻzi Koʻresh va Bayan suluv“ kabi eposlarini oʻrganib, „Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston xalqlarining turkiy tillari eposini oʻrganish masalalari“ (1958), „Alpomish haqidagi qahramonlik poemasi“ (1959) kabi ilmiy asarlar yaratgan[1].
Aleksandr Konstantinovich Borovkov 1904-yil 3-martda (16-mart) Toshkent shahrida ishchi oilasida tugʻilgan.
Qizi Tatyana Borovkova (1941—1968) – tilshunos, sharqshunos.
1962-yil 15-noyabrda Leningradda vafot etdi. U Sankt-Peterburgdagi Shuvalovskoye qabristoniga dafn etilgan.
Uning ilmiy faoliyatining asosiy yoʻnalishlari dialektologiya va leksikografiya, oʻzbek tili va adabiyoti, qorachoy-bolqor tili grammatikasi, Oʻrta Osiyo xalqlari madaniyatini oʻrganish boʻlgan. Uning chigʻatoy tilining yozma yodgorliklari sohasidagi tadqiqotlari ham katta ahamiyatga ega[3].
Toshkentdagi faoliyati davomida zamonaviy oʻzbek fanining shakllanishi va rivojlanishiga katta hissa qoʻshdi. Hirotlik Toli Imoniyning „Badoye ul-lugʻat“ (1961) va „XII-XIII asrlar Oʻrta Osiyo tafsirining leksikasi“ lugʻatlarining nashr etilishi (1963) orqali Borovkov eski oʻzbek tilining fundamental lugʻatini yaratish uchun zamin tayyorladi.
U oʻzbek tilini oʻrganish uchun juda koʻp ishlarni amalga oshirib, materiallarning toʻliqligi va ijro darajasi boʻyicha hozirgacha tengsiz boʻlgan, koʻplab nashrlardan oʻtgan „Oʻzbekcha-ruscha lugʻat“ni meros qoldirdi[4].
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |