Bozor iqtisodiyoti – bu tovar ishlab chiqarish, ayirboshlash va pul muomalasi qonun-qoidalari asosida tashkil etiladigan va boshqariladigan iqtisodiy tizimdir[1]. Bunday iqtisodiyot erkin tovar pul munosabatlariga asoslanib, uning negizida tovar va pulning turli shakllardagi harakati yotadi, u iqtisodiy monopolizmni inkor etadi. Bozor iqtisodiyotida bozor aloqalari butun tizimni, uning barcha bosqichlari – ishlab chiqarish, ayirboshlash, taqsimlash va isteʼmol jarayonlarini hamda iqtisodiy munosabatlarning barcha subyektlarini qamrab oladi. Shuni ham eʼtiborda tutish kerakki, hozirgi sharoitda oʻrtacha rivojlangan iqtisodiyotda 24 milliondan ortiq turdagi tovarlar mavjud boʻlib har yili ularning 1/10 qismi yangilanib turadi. Bunday sharoitda bozorning ishtirokisiz tovar turlari va hajmi boʻyicha talab va taklifni tartibga solishni tasavvur ham qilib boʻlmaydi[2][3]. Bu esa bozorning vazifasini hech qanday markazlashtirilgan rejalashtirish idoralari muvaffaqqiyatli bajara olmasligining yaqqol dalilidir. Bozor iqtisodiyoti esa eng samarali va muammolarni tezlik bilan hal eta oluvchi ijtimoiy-iqtisodiy tizim hisoblanadi.

Odatda, bozor xoʻjaligining barcha asosiy subyektlari 3 ta guruhga boʻlinadi:

Uy xoʻjaliklari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Iqtisodiyotning isteʼmol sohasida faoliyat koʻrsatuvchi asosiy tarkibiy birlik. Uy xoʻjaliklari doirasida moddiy ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarida yaratilgan tovar va xizmatlar isteʼmol qilinadi. Bozor iqtisodiyotida uy xoʻjaliklari mulk egasi hamda ishlab chiqarish omillarini yetkazib beruvchilar hisoblanadi. Iqtisodiy resurslarni sotishdan olingan pul daromadlari shaxsiy ehtiyojni qondirish uchun sarflanadi.

Tadbirkorlik sektori

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bu iqtisodiyotning daromad (foyda) olish maqsadida amal qiluvchi birlamchi boʻgʻinidir. U ish yuritish uchun oʻz kapitalini yoki qarz olingan kapitalni ishga solishni taqozo etadi, bu kapitaldan olingan daromad ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirish uchun sarflanadi. Tadbirkorlar tovar xoʻjaligida tovar va xizmatlarni yetkazib beradi.

Davlat

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻz oldiga foyda olishni maqsad qilib qoʻymagan, asosan, iqtisodiyotni tartibga solish vazifasini amalga oshiradigan turli byudjet tashkilotlari va muassasalarining majmui.

Shuningdek, baʼzi darslik va oʻquv qoʻllanmalarda bozor iqtisodiyotining yana bir alohida, mustaqil subyekti sifatida banklar ajratib koʻrsatiladi.

Bozor iqtisodiyotining muhim va umumiy belgilari quyidagilardan iborat:

Bozor iqtisodiyotining afzalliklari va ziddiyatlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mavjud iqtisodiy tizimlar orasida bozor iqtisodiyoti oʻzining afzalliklari bilan ajralib turadi. Bozor iqtisodiyotining 3 ta ustun jihati:

  1. Resurslarni taqsimlashning samaradorligi. Bozor tizimi resurslarni samarali taqsimlashga yordam beradi. Buning mazmuni shuki raqobatli bozor tizimi resurslarni jamiyatga eng zarur boʻlgan tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarishga yoʻnaltiradi.
  2. Iqtisodiy faoliyat va tanlov erkinligi. Bozor iqtisodiyoti tizimining muhim afzalliklaridan biri shuki, u shaxsiy erkinlik roliga ustuvorlik beradi. Ijtimoiy ishlab chiqarishni tashkil qilishning asosiy muammolaridan biri boʻlib alohida shaxs va korxonalar iqtisodiy faoliyatini uygʻunlashtirish hisoblanadi.
  3. Iqtisodiy subyektlar tinimsiz harakat va izlanishlarining taʼminlanishi. Bozor iqtisodiyotining yana bir afzalligi shundaki, unda har bir shaxs, korxona, firma va korporatsiyalar tinimsiz harakatda va izlanishda boʻlishadi.

Bozor iqtisodiyotining yuqorida koʻrib chiqilgan asosiy afzalliklari bilan bir qatorda boshqa koʻplab ijobiy jihatlarini ham sanab oʻtish mumkin. Jumladan:

Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, bozor iqtisodiyotining ham oʻziga xos kamchilik va ziddiyatlari mavjud. Bozor iqtisodiyotining asosiy ziddiyati shundan iboratki, u oʻzining bosh nazorat mexanizmi boʻlgan raqobatning kuchsizlanishiga yoʻl qoʻyadi va hatto buni ragʻbatlantiradi. Bunday iqtisodiyotda raqobat kuchsizlanishining ikkita asosiy manbai mavjud:

  1. bozor iqtisodiyoti sharoitidan erkin muhitda tadbirkorlar foyda ketidan quvib va oʻz iqtisodiy mavqelarini yaxshilashga intilib, raqobatning cheklangan yoʻlidan ozod boʻlishga harakat qiladilar. Firmalarning qoʻshilib ketishi, kompaniyalarning xufyona kelishuvi, raqobatlashuvning noqonuniy usullari (jismoniy kuch ishlatish, zoʻravonlik, tazyiq oʻtkazish)ni qoʻllash – bularning barchasi raqobatning kuchsizlanishi va uning tartibga soluvchilik taʼsirininh pasayishiga olib keladi;
  2. bozor tizimi ragʻbatlantiradigan texnika taraqqiyoti ham raqobatning zaiflashishiga olib keladi.

Bozor tizimi jamiyatning yuqori ehtiyoji tovarlar bilan taʼminlanishiga ham kafolat bermaydi. Raqobatning kuchsizlanib borishi isteʼmolchining erkinligiga ham putur yetkazadi. Bozor tizimi oʻzining isteʼmolchining xohishiga ancha mos keluvchi resurslarni taqsimlash layoqatini ham yoʻqotib borishi mumkin.

Manbalar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. Shodmonov, sh; Raxmatov, m. Bozor iqtisodiyotining mazmuni va asosiy belgilari. Zamin nashr. ISBN 978-9943-6888-8-9. 
  2. Gregory and Stuart, Paul & Robert. Comparing Economic Systems in the Twenty-First Century, 7th, George Hoffman, 2004 — 538-bet. ISBN 0618261818. „Market Economy: Economy in which fundamentals of supply and demand provide signals regarding resource utilization.“ 
  3. Altvater, E.. The Future of the Market: An Essay on the Regulation of Money and Nature After the Collapse of "Actually Existing Socialism. Verso, 1993 — 57-bet.