Damashq | |
---|---|
![]() | |
33°31′0″N 36°18′0″E / 33.51667°N 36.30000°E G OKoordinatalari: 33°31′0″N 36°18′0″E / 33.51667°N 36.30000°E G O | |
Mamlakat | Suriya |
Hukumat | |
• Gubernator | Bishr Al Sabban |
Damashq (arabcha: دِمَشْق) yoki Shom (arabcha: الشَّام; suryoniycha: ܕܪܡܣܘܩ; tarixiy nomlari — qadimgi yunoncha: Δαμασκός, lotincha: Damascus) — Suriya Arab Respublikasining poytaxt shahri. Damashq muhofazasining maʼmuriy markazi. Barada daryosi vodiysida, 690 m balandlikda joylashgan. Iqlimi subtropik, yanvarning oʻrtacha temperaturasi 7—8°, iyulniki 26—27°, yillik yogʻin 227 mm. Aholisi 3 mln. kishi (1998), koʻpchiligi arablar; shuningdek, arman, kurd, cherkas, grek va boshqa ham yashaydi. Qad.da Misr, Falastin, Iroq, Arabiston yarim orolga karvon yoʻllari Damashq orqali oʻtgan. Damashqning besh ming yildan ortiq tarixi bor. Qadimda u Timaski, Temasgi, Dimaska, Karanaski deb ham yuritilgan. Oʻrta asr tarixchilari uni „Dunyo jannati“, „Sharq jannati“ deb atashgan. Misr firʼavnlari (mil. av. 16-asr), oromiylar (mil. av. 10-asr), ossuriylar (Ossuriya, mil. av. 132), bobilliklar (mil. av. 604), forslar (mil. av. 538), makedoniyalik Iskandar (mil. av. 332), Rim imperiyasi (64 yil), Vizantiya (5—7-asrlar), arab va turklar Damashqni birbir egʻallab oʻtganlar. Damashq umaviylar davri (661—750)da xalifalik markazi boʻlgan. Bu vaqtda shaharda hashamatli qasrlar, masjidlar qurilgan. Movarounnahr va Sharqning yirik faylasufi Abu Nasr Forobiy Damashq madrasalarida dars bergan. Damashqda abbosiylar, tuluniylar (9-asr), fotimiylar (10-asr), saljuqiylar (11-asr) hukmronlik qilgan. 1260-yilda Damashq mamluklar, 1401-yilda Amir Temur tasarrufiga oʻtgan. Mamluklar davrida (13—16-asrlarda) Damashq — savdo va hunarmandchilik (mato, qurol-aslahalar ishlab chiqarish, zargarlik buyumlari tayyorlash) hamda islomning tayanch markazlaridan boʻlgan. 1516-yildan 1918-yilgacha Usmoniylar saltanati tarkibida boʻlgan. 1918-yil 1-oktabrda Hijoz qoʻmondoni amir Faysal askarlari Damashqni egʻalladi. Suriya 1920-yilda Fransiya mandatligiga oʻtgach, Damashqga fransuz askarlari bostirib kirdi. Shu sababdan shahar chetidagi Maysalun degan joyda qattiq jang boʻldi; 1943-yilda Suriya mustaqillikka erishgach, Damashquning poytaxti boʻlib qoldi.
Damashq— yirik savdo-sanoat va moliya markazi, muhim transport yoʻllari tuguni. Xalqaro aeroport bor. Mamlakatdagi koʻpgina shaharlar hamda Bayrut, Amman va Bagʻdod shaharlari bilann transport yoʻl va havo yoʻllari; Yevropa, Osiyo va Afrika bilan xalqaro havo yoʻllari orqali bogʻlangan. Shaharda toʻqimachilik, gilam toʻqish fabrikalari, sovungarlik, farmatsevtika, elektrokabel, sement, oyna zavodlari, oziq-ovqat, avtomobil remonti, tikuvchilik, boʻyoq, koʻnchilik korxonalari; mis, oltin, kumushga badiiy ishlov berish, qurolaslaha tayyorlash ustaxonalari va boshqa bor. Mashinasozlik va metallsozlik sanoati rivojlanmoqda. Damashq aholisi millati va diniga qarab mahallalarga boʻlingan. Shaharda Damashq va Arab akademiyalari, Suriya universiteti (1923), Sharq musiqasi instituti, Oliy pedagogika va Oliy politexnika bilim yurtlari, Harbiy akademiya, Milliy muzey (1919), Sharq turmushi muzeyi, butun Sharqqa mashhur bozor va rastalar, kutubxonalar, teatrlar va boshqa bor. Meʼmoriy yodgorliklardan arab-islom madaniyati durdonasi boʻlmish Umaviylar masjidi (705—715 yillar), Sulaymoniya takyasi (1554-1559 yillar), al-Azm saroyi (1749 yil) va boshqa saqlangan.[1]
Damashqning muhim savdo markazi sifatidagi tarixiy roli soʻnggi yillarda mintaqadagi siyosiy taraqqiyot hamda zamonaviy savdoning rivojlanishi tufayli oʻzgardi[2]. Damashqda, shuningdek, Suriyada ishlab chiqarilgan mahsulotlarning aksariyati Arabiston yarim orolidagi mamlakatlarga tarqatiladi[2]. Damashq ham 1954-yildan beri har yili kuzda xalqaro savdo koʻrgazmasini oʻtkazib keladi[3].
Damashqning turizm sektori juda koʻp imkoniyatlarga ega, ammo fuqarolar urushi bu istiqbollarga toʻsqinlik qildi. Damashqdagi madaniy boyliklarning koʻpligi 1980-yillarning oxiridan boshlab koʻplab turar joy va transport muassasalarining rivojlanishi va boshqa tegishli investitsiyalar fonida kamtarona ishlatilmoqda[2]. 2000-yillarning boshidan buyon eski shaharda koʻplab butik mehmonxonalar va gavjum kafelar ochildi[4]. 2009-yilda yangi ofis maydoni qurildi va koʻchmas mulk bozorida paydo boʻldi[5].
Damashqda toʻqimachilik, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, sement va turli kimyo sanoati kabi koʻplab sanoat korxonalari joylashgan[2]. Zavodlarning aksariyati davlat tomonidan boshqariladi, biroq xususiy sektor tomonidan boshqariladigan cheklangan xususiylashtirishga 2000-yillarning boshidan boshlab savdoni erkinlashtirish natijasida ruxsat etilgan[2]. Eski shaharda hamon anʼanaviy hunarmandchilik va mis oʻymakorlik buyumlari ishlab chiqariladi[2].
Damashq fond birjasi rasmiy ravishda 2009-yil mart oyida savdo uchun ochilgan va birja Suriyadagi yagona fond birjasidir[6]. U Suriyaning moliya bozorlari va qimmatli qogʻozlar komissiyasi tarkibida, Barzeh tumanida joylashgan. Uning soʻnggi manzili Yaafurning yuqori darajadagi savdo tumanida joylashgan edi[7].
![]() |
Vikiomborda Damashq haqida turkum mavjud |