Shodmon Vohidov | |
---|---|
Shodmon Vohidov Buxoro arkida joylashgan Subhonqulixon jomeʼ masjidi oldida. 2023-yil | |
Tavalludi |
19.12.1961 Panjikent, Tojikiston SSR, SSSR |
Fuqaroligi | Tojikiston |
Millati | tojik |
Sohasi | tarix, manbashunoslik |
Ish joylari |
Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi Oʻzbekiston Milliy universiteti Tarix fakulteti Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Panjikent pedagogika instituti |
Shodmon Huseyinovich Vohidov – (1961-yil, 19-dekabr, Panjikent, Tojikiston SSR, SSSR) – taniqli tojikistonlik manbashunos olim, tarix fanlari doktori (1998), professor. Shodmon Vohidov Buxoro amirligi, Xiva va Qoʻqon xonliklari tarixiga oid bir qator asarlar tarjimoni va Oʻrta Osiyo madaniyati hamda tarixiga oid asarlar muallifi[1].
Shodmon Vohidov 1961-yil 19-dekabrda Panjikent shahrida tugʻilgan[2]. 1984-yil Tojikiston davlat universiteti tarix fakultetini tamomlagan. 1984-yildan boshlab Toshkent shahrida yashab, uzoq yillar Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida faoliyat yuritgan[2]. U 1984–1986-yillar SSSR qurolli kuchlari safida harbiy xizmatni oʻtagan. Toshkentdagi Oʻzbekiston SSR Ichki ishlar vazirligiga qarashli Oliy kurslarda ofitser-tarjimon sifatida faoliyat yuritgan. 1987–1990-yillarda Oʻzbekiston SSR FA Hamid Sulaymonov nomidagi qoʻlyozmalar institutida aspirant sifatida oʻqigan[2].
Shodmon Vohidov Buxoro amirligi, Xiva va Qoʻqon xonliklari tarixiga oid bir qator asarlar tarjimoni hamda Oʻrta Osiyo madaniyati va tarixiga oid asarlar muallifidir. Uning „Kitoblar, kutubxonalar, kataloglar“ (oʻzbek va rus tillarida) „Tarixiy meros“ (oʻzbek va rus tillarida), „Oʻzbekiston tarixi arab yozuvidagi manbalarda“ (oʻzbek, ingliz va rus tillarida) ilmiy turkumlaridagi bir nechta kitoblari nashr etilgan[1]. Olim ilmiy faoliyati davomida 20 dan ortiq asarlarni tarjima qilib, ilmiy muomalaga kiritgan[2]. U 30 ga yaqin kitob, risola va monografiyalar, 100 dan ortiq ilmiy maqolalar yozgan[1]. Shodmon Vohidov 1990-yilda „Avaz Muhammad Attor Xuqandiy va uning „Tarixi jahonnomayi“ asari (tadqiqot, tarjima va izohlar)“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. U 1998-yilda esa „Qoʻqon xonligida tarixnavislikning rivojlanishi (XIX asr–XX asrning boshlari)“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan[2]. Shodmon Vohidov Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi, Oʻzbekiston Milliy universiteti Tarix fakulteti, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida ilmiy faoliyat yuritgan. U Fransiyaning ITM (MSH) qoshidagi Denni Didro grantini qoʻlga kiritgan. Osiyo va Yevropa davlatlarida boʻlib oʻtgan bir qator ilmiy konferensiyalarda ishtirok etgan[3].